Ommaviy oferta
So’nggi yangilanish 02.12.2025
BIR MARTALIK TOʻLOV ASOSIDA VIDEOKURSLARNI XARID QILISH BOʻYICHA OMMAVIY OFERTA
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu oferta Xaridorlarni (jismoniy shaxslarni) roʻyxatdan oʻtkazish, identifikatsiya qilish va tasdiqlash tartibini, Mohirdev platformasida elektron Shartnomalar tuzish tartibini belgilaydi, shuningdek, Xaridor va Platforma oʻrtasidagi shu orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Mazkur oferta, shuningdek, kurslarning oldi-sotdi munosabatlarini, ya’ni xaridor tomonidan videokursni xarid qilish va platforma tomonidan uni taqdim etish jarayonlarini ham tartibga soladi.
1.2. O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish kabi sohalardagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
2. ASOSIY TUSHUNCHALAR
Aksept - Xaridor tomonidan bir martalik toʻlovni amalga oshirganligi oferta shartnomasining shartlariga rozi bo‘lib, qabul (aksept) qilgani va taraflar o‘rtasida shartnoma tuzilganini bildiradi.
Mijozning bir martalik to‘lov asosidagi platformada amalga oshiriluvchi xizmatlar oldi-sotdisi shartnomasining individual shartlarini (keyingi o‘rinlarda “Shartnoma” deb yuritiladi), QYOIA (Qisqa Yoʻl orqali Identifikatsiya va Avtorizatsiya) orqali lekin u bilan chegaralanmagan holda, imzolash orqali ifodalangan Ofertada nazarda tutilgan shartlar bo‘yicha takliflarni qabul qilish va to‘lashga roziligi.
Bank - Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank”- xaridorning yoki uning vakilining mavjud barcha bank kartalaridan to‘lov va qarzdorlikni hisobdan yechish va ushbu yechilgan mablag‘larni sotuvchining joriy hisob raqamiga o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatadi.
Roʻyxatdan oʻtgan telefon raqami - platformada roʻyxatdan oʻtish jarayonida Xaridor oʻzini identifikatsiyalash uchun koʻrsatgan va Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan mobil telefon raqami.
Masofaviy xizmat koʻrsatish kanali - Xaridor bilan har qanday aloqa qilish shakli, shu jumladan Shaxsiy kabinet, Mobil ilova, Xizmat, Tizim orqali va boshqa platormalarni oʻz ichiga olgan Xaridorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun moʻljallangan aloqa vositalari.
Karta - Xaridor tomonidan identifikatsiya jarayonida koʻrsatilgan, maʼlumotlaridan identifikatsiyalash jarayonida foydalanish mumkin boʻlgan va kelajakda unga va barcha boshqa Xaridor Kartalariga Xaridor tomonidan qabul qilingan ofertaga va shartnomaga muvofiq “Takroriy toʻlov” xizmati yoqilishi mumkin boʻlgan Xaridorning barcha bank kartalari.
Xaridor - identifikatsiyadan oʻtish maqsadida Platformaga murojaat qilgan va Platformaning imkoniyatlari, funksiyalari va tashkiliy mexanizmlaridan foydalangan holda kerakli tarzda xizmatlarni bir martalik toʻlovga sotib olish istagini bildirgan jismoniy shaxs.
Savdo ofertasi - Sotuvchi tomonidan Platformaning Elektron aloqa kanallari orqali Mijozga yuboriladigan, Shartnomaning Individual shartlarini o‘z ichiga olgan, Sotuvchining Mijozga Individual shartlar va ushbu Umumiy shartlar bilan Shartnoma tuzish taklifini bildiruvchi hujjat.
Kafil - Xaridor tomonidan shartnoma bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini subsidiar shaklda bajarish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonida platformaga shaxsiy ma’lumotlari va plastik karta raqamlari kiritilgan shaxs. Kafil Xaridorning shaxsiy ma’lumotlari va plastik karta raqamlari kiritilishi uchun uning telefon raqamiga jo‘natilgan maxsus SMS kodni Xaridorga ma’lum qilishi orqali kafilikka rozi bo‘lganini bildiradi. Ushbu oferta bo‘yicha Xaridor bilan Kafil o’rtasidagi har qanday nizolar uchun Sotuvchi javobgar hisoblanmaydi.
Shaxsiy kabinet - bu veb-sayt yoki mobil ilova ichidagi cheklangan foydalanuvchi maydoni boʻlib, unda Xaridor masofaviy identifikatsiya jarayonidan oʻtadi, toʻlov qobiliyatini tekshiradi, shartnomalar boʻyicha takliflarni tuzadi va qabul qiladi, amalga oshirilgan shartnomalar haqida maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladi va Platformada boshqa zarur amallarni bajaradi. Shaxsiy kabinet orqali amalga oshirilgan barcha amallar va yuborilgan hujjatlar, jumladan so’rovlar, Xaridor tomonidan amalga oshirilgan va yuborilgan deb hisoblanadi. Shaxsiy kabinet xizmatlari Platforma tomonidan taqdim etiladigan xizmatlardir.
Savdo taklifi - bu Sotuvchi tomonidan Platformaning elektron aloqa vositalari orqali Xaridorga joʻnatiladigan va Shartnomaning alohida shartlarini oʻz ichiga olgan hujjat boʻlib, u Sotuvchining Xaridorga ushbu Shartnoma asosida bitim tuzish boʻyicha taklifini ifodalaydi.
Sotuvchi – Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Mahtumquli koʻchasi 112-uyda joylashgan “MOHIRDEV” MCHJ.
Platforma - bu Sotuvchi va Xaridor oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni taʼminlash uchun axborot tizimi orqali xizmatlarni sotishga moʻljallangan tashkiliy, axborot va texnik yechimlardan iborat dasturiy-taʼminot majmuasi.
Dasturiy taʼminot - bu Xaridorga Platforma xizmatidan, Veb-saytdan, Shaxsiy kabinetdan yoki Mobil ilovadan onlayn foydalanish, elektron shaklda oferta, shartnomalar va qoʻshimcha bitimlar tuzish, shuningdek boshqa hujjatlar va xabarlarni almashish imkonini beruvchi dasturiy vositalar toʻplami.
Push-xabar - bu Platforma tomonidan Xaridorning mobil qurilmasi ekranida paydo boʻladigan qisqa xabar shaklida Xaridorga yuboriladigan bildirishnoma.
Sayt – https://mohirdev.uz va https://praktikum.mohirdev.uz manzilida joylashgan Platformaning internet-resurslari.
Sotuvchining sayti - zarur dasturiy taʼminot oʻrnatilgan yoki koʻrsatilgan Dasturiy taʼminotga kirishingiz mumkin boʻlgan Sotuvchining Savdo nuqtasi boʻlgan internet-resursi, yaʼni mohirdev domeni va subdomenlari
Shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik - Xaridorning shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashga va Xaridor tomonidan dastlabki identifikatsiya qilish va tekshirish jarayonlaridan oʻtish paytida bildirilgan boshqa majburiyatlarni yoki Xaridorning Shaxsiy kabinetida, shuningdek mobil ilova yoki Sotuvchining Saytida koʻrib chiqish uchun mavjud boʻlgan har qanday boshqa Shartnomani qabul qilishga roziligi.
Tovar/Xizmatlar - Platformada belgilangan va Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan Xaridor tomonidan Sotuvchidan sotib olingan ishlar yoki xizmatlar.
Savdo nuqtasi - Sotuvchi Xizmatni sotishi yoki oʻz xizmatlarini koʻrsatishi mumkin boʻlgan, Tizim yoki Uskuna joylashgan Sotuvchining ofisi, boshqa alohida boʻlinmasi yoki Sotuvchi Sayti.
Elektron aloqa kanali - Xaridor bilan aloqaning har qanday elektron shakli, shu jumladan har qanday Masofaviy xizmat koʻrsatish kanali orqali, Xaridorning roʻyxatdan oʻtgan telefon raqamiga SMS-xabar yoki push-xabarnoma yoki Xaridorning roʻyxatdan oʻtgan elektron pochta qutisiga elektron pochta orqali oʻrnatilgan aloqa.
3. SHARTNOMA PREDMETI
3.1. Mazkur oferta shartlariga muvofiq Sotuvchi Xaridor tomonidan tanlangan onlayn oʻquv kurslari boʻyicha oʻqitish xizmatlarini koʻrsatish, Xaridor esa ushbu xizmatlarni qabul qilib, ularning qiymatini toʻlash majburiyatini oladi (bundan keyin – Xizmatlar). Ushbu xizmatlar Xaridorga shaxsiy kabineti orqali elektron oʻquv materiallariga kirish imkoniyatini beruvchi onlayn-kurs, malakali va texnik yordam, uy vazifalarini tekshirish, kursni muvaffaqiyatli tugatgani toʻgʻrisida sertifikat berishni oʻz ichiga oladi.
3.2. Kurslarning tavsifi, uning davomiyligi, formati, shuningdek, taʼlim natijalari Mohirdev platformasida batafsil bayon etilgan.
4. MOHIRDEV PLATFORMASIDA ROʻYXATDAN OʻTISH TARTIBI
4.1. Mohirdev platformasida harakatlarni amalga oshirish va xizmat(lar)ni bir martalik toʻlovga sotib olish uchun Xaridor dastlab “mohirdev.uz” sayti orqali roʻyxatdan oʻtishi kerak.
4.2. Boshlanishida Xaridor Mohirdev platformasiga o‘ziga va kafilga tegishli plastik bank kartasi (UzCARD, HUMO, Visa va/yoki Mastercard) ulangan mobil telefon raqamini (yaʼni SMS-xabarnoma xizmati bogʻlangan telefon raqami) kiritishi va tegishli maydonda telefon raqamini tasdiqlash uchun SMS orqali olingan noyob kodni kiritishi shart.
4.3. Xaridor sms tasdiqlovni olganidan so‘ng, shaxsiy va boshqa ma’lumotlariga ishlov berish hamda saqlash bo‘yicha Platforma siyosati bilan, shuningdek, elektron tijorat orqali bir martalik to‘lov asosida videokurslarni sotib olishga oid Umumiy shartlar (Ommaviy oferta) bilan tanishganligini va ularga roziligini tasdiqlaydi.
4.4. Roʻyxatdan oʻtishni davom ettirish uchun Xaridor plastik bank kartasi raqami hamda amal qilish muddatini kiritishi kerak. Shundan keyin, Xaridor mazkur shartnomaning 4.2-bandiga muvofiq kiritgan telefon raqamiga noyob kodli SMS-xabar yuboriladi, uni kiritish orqali Xaridor Mohirdev platformasida sotib olgan tovar va xizmatlar uchun barcha toʻlovlar mazkur bank kartalari orqali amalga oshirilishiga rozilik bildiradi.
4.5. Ushbu Umumiy qoidalarning 4.2, 4.3, 4.4-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻliq kiritilgandan soʻng, Mohirdev platformasi toʻlov qobiliyatini baholash tartib-taomilini amalga oshiradi va Xaridorga kiritilgan maʼlumotlar tasdiqlashdan muvaffaqiyatli oʻtganligi toʻgʻrisida yoki tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisida elektron xabar yuboradi.
4.6. Tasdiqlash rad etilganligi toʻgʻrisida elektron xabar olingan taqdirda, Mohirdev platformasi tomonidan qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishni hisobga olgan holda, Xaridor 4.2, 4.3, 4.4-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni kiritishni takrorlashi mumkin.
4.7. Tasdiqlashdan muvaffaqiyatli oʻtganlik toʻgʻrisida elektron xabar kelgach, Xaridor Mohirdev platformasidagi shaxsiy kabinetiga kirish huquqiga ega boʻladi. Shu paytdan boshlab, Xaridorni Mohirdev platformasida roʻyxatdan oʻtkazish, identifikatsiya qilish va tekshirish jarayoni tugallangan hisoblanadi va quyidagi shartlar asosida bir martalik toʻlov evaziga tovarni sotib olishga haqli boʻladi.
5. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
5.1. Sotuvchining huquqlari
5.1.1. Sotuvchi, taqdim etilgan hujjatlarning elektron (skanerlangan) nusxalarining haqiqiyligi yoki ishonchliligiga shubha tugʻilganda, Xaridorni roʻyxatdan oʻtkazishni yoki xizmat koʻrsatishni rad etish huquqiga ega. Bunday holatda, Xaridor Mohirdev platformasiga hujjatlarining tegishli elektron (skanerlangan) nusxalarini qayta joylaganidan keyin Sotuvchi tomonidan hujjatlar koʻrib chiqiladi.
5.1.2. Xaridor bilan kelishuvsiz kurs mazmuniga (to‘liq yoki qisman) o‘zgartirishlar kiritish.
5.1.3. Saytda texnik resurslar bo‘yicha zarur rejali texnik xizmat olib borish va ta’mirlash ishlarini bajarish uchun kurs va saytning ishlashini vaqtincha to‘xtatib turish.
5.1.4. Agar kursda murabbiy (mentor) xizmati nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan kurs murabbiylarini almashtirish.
5.1.5. Mazkur shartnomada belgilangan holatlarda shartnomani bir tomonlamani bekor qilish.
5.1.6. Xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Xaridor bilan bo‘lgan telefon suhbatlarni yozib olish.
5.1.7. Mazkur shartnomada belgilangan shartlar topilmagan taqdirda Xaridorga sertifikat berishdan bosh tortish.
5.1.8. Xaridor tomonidan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida undan kafil talab qilish.
5.2. Sotuvchining majburiyatlari
5.2.1. Xaridor belgilangan talablarni bajargan taqdirda uni platformada roʻyxatdan oʻtkazish.
5.2.2. Xaridor tomonidan toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab tovar va xizmatlarga kirish imkoniyatini 24 soat ichida taqdim etish. Texnik uzilishlar yoki kirishni oʻz vaqtida taʼminlashga to‘sqinlik qiluvchi boshqa kutilmagan holatlar yuz bergan taqdirda, Sotuvchi zudlik bilan Xaridorni yuzaga kelgan vaziyat haqida xabardor qiladi va uni imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni koʻradi.
5.2.3. Agar kursda murabbiy (mentor) xizmati mavjud boʻlsa, Xaridor tomonidan bajarilgan uy vazifalarini tekshirishi va ularning natijalarini 7 (yetti) ish kuni ichida Xaridorga taqdim etishi kerak. Uyga vazifalar soni koʻp yoki uning murakkabligi tufayli tekshiruv uchun qoʻshimcha vaqt talab etilsa, Sotuvchi Xaridorni bu haqida oldindan ogohlantiradi.
5.2.4. Toshkent shahri mahalliy vaqti bilan soat 10:00 dan 19:00 gacha boʻlgan vaqtda Xaridorlarga malakali yordam koʻrsatish, savollarga bir soat ichida javob berish. Savollar soni koʻp va yuklama yuqori boʻlgan taqdirda javoblar kechikishi mumkin.
5.2.5. Kursga, uning materiallariga kirish va oʻquv platformasining ishlashi boʻyicha texnik yordamni Xaridor murojaat qilgan paytdan boshlab doimiy, yaʼni haftaning 7 kuni davomida 24 soat ichida taʼminlash. Murakkab texnik muammolar yuzaga kelganda, ularni bartaraf etish uchun koʻp vaqt talab etilsa, Sotuvchi Xaridorni amalga oshirilayotgan choralar va muammoni hal qilish muddatlari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
5.2.6. To‘lovi to‘liq amalga oshirilgan praktikum kurslarining video darslari va boshqa o‘quv materiallaridan foydalanishning texnik imkoniyatini shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran 3 (uch) yilgacha, qisqa kurslar uchun esa 1 (bir) yilgacha taʼminlash. Agar kurs o‘z aktualligini yo‘qotmasa, bu muddat Sotuvchi tomonidan uzaytirilishi mumkin.
5.2.7. Quyidagi mezonlar bajarilgan taqdirda, kursni muvaffaqiyatli tugatgani haqida Xaridorga sertifikat berish:
a) Kurs dasturini toʻliq oʻtish: Xaridor kurs dasturini, uning barcha modullari, boʻlimlari va darslarini toʻliq oʻtishi kerak. Bu kurs doirasida taqdim etilgan barcha nazariy materiallarni oʻrganish, video leksiyalarni tomosha qilish, qoʻshimcha resurslarni oʻqish va boshqa oʻquv materiallarini oʻz ichiga oladi.
b) Barcha uy vazifalari va testlarni bajarish: Xaridor har bir modul yoki kurs boʻyicha barcha uy vazifalarini, jumladan loyiha ishlari, testlar yoki imtihonlarni belgilangan talablarga muvofiq muvaffaqiyatli (o‘zlashtirish darajasi 80 foiz va undan yuqori) bajarishi kerak.
c) Kurs narxini toʻliq toʻlash: Sertifikat olish uchun Xaridor kurs narxini toʻliq toʻlagan boʻlishi shart. Xaridorning Sotuvchi oldida hech qanday qarzdorligi boʻlmasligi majburiy shart hisoblanadi.
Agar Xaridor yuqorida sanab oʻtilgan shartlardan biriga javob bermasa, Sotuvchi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar sertifikat berishdan bosh tortish huquqiga ega.
5.2.8. Xaridorning shaxsga doir maʼlumotlaridan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida ruxsat etilgan tartibda foydalanish, ishlov berish hamda uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik, ularning maxfiyligini taʼminlash. Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari doirasida, maʼlum bir holatlarda yoki bir martalik toʻlovga oid majburiyatlarni bajarish maqsadida bu maʼlumotlarni tegishli tashkilotlarga yoki Sotuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida uchinchi shaxslarga taqdim etishga ruxsat etiladi. Shuningdek, agar maʼlumotlar umumiy foydalanish uchun ochiq boʻlsa yoki Xaridor rozilik bildirgan holatlar bundan istisno hisoblanadi.
5.2.9. Xaridor ushbu ommaviy ofertani tasdiqlashi va qabul qilishi (aksept) orqali, “MOHIRDEV”MCHJga o‘zining kredit tarixi va moliyaviy axborotlarini kredit byurolari yoki boshqa ma’lumot manbalaridan olishga rozilik bildiradi. Ushbu ma’lumotlar Xaridorning to‘lov qobiliyatini baholash, to‘lov majburiyatlarini bajarilishini ta’minlash maqsadida foydalaniladi.
5.2.10. Agar kurs doirasida mentor xizmati nazarda tutilgan bo‘lsa, u shartnoma tuzilgan kundan boshlab 8 (sakkiz) oygacha ta’minlanadi.
5.3. Xaridorning majburiyatlari
5.3.1. Ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq, oʻz vaqtida toʻlovni amalga oshirish. Agar toʻlov amalga oshirilmasa, Sotuvchi toʻlov toʻliq amalga oshirilguniga qadar Xizmatlarni taqdim etishni toʻxtatish huquqiga ega. Bunda, Xaridor tomonidan to‘lovi amalga oshirilgan videodarslardan foydalanish imkoniyati saqlanib qoladi
5.3.2. Kompyuter, smartfon va boshqa elektron qurilmalarda toʻlov vositalarining ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash.
5.3.3. Sotuvchining taklifini va toʻlov shartlarini qabul qilishdan oldin, shartnoma shartlarini (narx, tanlangan oʻquv kursi turi, toʻlov usuli, javobgarlik va hokazo) diqqat bilan tanishib chiqish.
5.3.4. Xizmatlarni faqat shaxsiy maqsadlar uchun sotib olish va tadbirkorlik yoki daromad topish maqsadida foydalanmaslik. Xususan, darslik majmualarini yoki ularning qismlarini Sotuvchining yozma ruxsatisiz boshqa shaxslar yoki tashkilotlarga nashr etish, tarqatish, ommalashtirish yoki boshqa tarzda foydalanishdan saqlanish.
5.3.5. Shaxsiy hisob raqamining identifikatsiya maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik va ularni himoyalash.
5.3.6. Mohirdev platformasi va shaxsiy kabinetida eʼlon qilingan xabarlar va bildirishnomalarni muntazam kuzatib borish.
5.3.7. Sotuvchi va uning xodimlari bilan muloqot jarayonida umum-eʼtirof etilgan odob-axloq qoidalariga rioya qilish.
5.3.8. Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shartnoma tuzish va amalga oshirish uchun shaxsiy maʼlumotlarni ishlov berishga toʻliq rozilik berish.
5.3.9. Roʻyxatga olish bosqichida kiritgan shaxsiy maʼlumotlaridagi oʻzgarishlar haqida platformani darhol xabardor qilish, xususan:
a) Asosiy mobil telefon raqami oʻzgarganda;
b) Doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili oʻzgarganda;
c) Ism va familiyasi o‘zgarganda.
5.3.10. Xaridor Mohirdev platformasidan olgan xizmatlar va ularning natijalarini, shu jumladan online kurslar va darsliklardan shaxsiy foydalanish huquqini tijorat maqsadida ishlatmaslik hamda uchinchi shaxslarga tarqatmaslik yoki sotmaslik.
5.3.11. Mohirdev platformasidan uchinchi shaxslarning huquqlarini buzadigan yoki noqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik.
5.3.12. Xaridor olingan bilimlardan qonunga xilof, notoʻgʻri yoki etikasiz harakatlarni, shu jumladan xakerlik, maʼlumotlarga noqonuniy kirish, zararli dasturiy taʼminot yaratish va tarqatish, intellektual mulk huquqlarini buzish kabi amallarni sodir etish uchun foydalanmaslik. Bundan tashqari, xaridor bu kabi harakatlarni boshqa mijozlar bilan yoki Sotuvchining xodimlari bilan birgalikda sodir qilsa ham, javobgar bo‘ladi.
5.3.13. To‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilishni ta’minlash maqsadida platformaga kafil haqida to‘liq va to‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish.
5.3.14. Platformaga roʻyxatdan oʻtkazishda kiritilgan shaxsiy va o‘ziga tegishli plastik karta raqamining maʼlumotlari toʻgʻriligini kafolatlash.
5.3.15. Kurs muhokamasi bo‘ladigan telegram guruhlarda “Mohirdev” MCHJ tomonidan o‘rnatilgan ichki-tartib qoidalarga rioya etish.
5.4. Xaridorning huquqlari
5.4.1. Sotuvchidan ushbu Shartnomada va amaldagi qonunchilikda belgilangan hajm, sifat va muddatlarda Xizmatlarni ko‘rsatishni talab qilish.
5.4.2. Shaxsiy kabinet, mobil ilova yoki boshqa masofaviy aloqa kanallari orqali kurs materiallariga va qo‘shimcha resurslarga Shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida uzluksiz kirish imkoniyatiga ega bo‘lish.
5.4.3. Kurs bo‘yicha texnik nosozliklar, kirishdagi uzilishlar yoki boshqa xizmat sifati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda, Sotuvchidan bepul va o‘z vaqtida texnik yordam olish.
5.4.4. Kurs mazmuniga yoki sifatiga nisbatan e’tirozlar bo‘lsa, Shartnomada belgilangan tartibda, belgilangan muddat ichida ularni ko‘rib chiqish va hal etish uchun Sotuvchiga murojaat qilish.
5.4.5. Kursni o‘zlashtirish jarayonida Sotuvchidan malakali maslahat va o‘quv-metodik yordam olish.
5.4.6. Shartnoma shartlarini buzmasdan xizmatlardan voz kechish huquqidan Shartnomada belgilangan tartib va muddatlarda foydalanish.
5.4.7. Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan taqdirda, Shartnomada belgilangan mezonlarga mos sertifikatni bepul olish.
5.4.8. Shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligi va himoyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya etilishini talab qilish, shuningdek, o‘z ma’lumotlarini
ko‘rish, tuzatish yoki o‘chirib tashlash to‘g‘risida so‘rov yuborish.
5.4.9. Xizmat ko‘rsatish shartlarini, kurs davomiyligi, narxi, to‘lov tartibi va boshqa muhim ma’lumotlarni shartnoma tuzilishidan oldin bepul va to‘liq olish.
5.4.10. Sotuvchining bir tomonlama shartlarni o‘zgartirishiga faqat Xaridor xabardor qilingan va unga rozilik bildirgan taqdirda yo‘l qo‘yilishini talab qilish.
5.4.11. Shartnoma shartlari buzilgan yoki xizmat sifati talab darajasida bo‘lmagan taqdirda, qonunchilikka muvofiq pul mablag‘larini qaytarib olishni talab qilish.
5.4.12. Shartnomadan kelib chiqadigan nizolarni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, shu jumladan, sudga yoki boshqa vakolatli organlarga murojaat qilish.
6. TOʻLOV TARTIBI VA KURS NARXI
6.1. Kursning narxi Mohirdev platformasida ko‘rsatiladi. Xaridor tomonidan tanlangan kurs va to‘lov turi Xaridorning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi hamda ushbu ma’lumotlar mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
6.2. Xaridor kursni bir martalik to‘lov asosida sotib oladi. To‘lov Xaridor tomonidan to‘liq amalga oshirilganidan so‘ng, Sotuvchi Xaridorga platformaga kirish va kurs materiallaridan foydalanish huquqini beradi.
6.3. To‘lov amalga oshirilgandan keyin mablag‘ qaytarilmaydi, bundan faqat qonunchilikda yoki mazkur Shartnomada nazarda tutilgan holatlar mustasno.
6.4. Xaridor tomonidan to‘lovning amalga oshirilishi ushbu Shartnoma shartlariga aksept (ya’ni taklifni qabul qilish) sifatida tan olinadi hamda Shartnoma to‘lov amalga oshirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma elektron shaklda tuziladi va elektron imzo, SMS-kod, push-xabar, yoki shaxsiy kabinet orqali tasdiqlangan aksept bilan bir xil yuridik kuchga ega hisoblanadi. Shartnoma kuchga kirganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida Xaridorga sms xabar sifatida yuborilgan to‘lov tasdiqlanganligi haqida chek yuridik dalil hisoblanadi.
6.5. Sotuvchi Xaridorga to‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi to‘g‘risida elektron xabarnoma yuborishi yoki bu haqidagi ma’lumotni Xaridorning shaxsiy kabinetida aks ettirishi orqali tasdiqlaydi.
6.6. Sotuvchi Xaridor tomonidan to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab belgilangan muddat ichida kurs materiallariga to‘liq kirish imkonini ta’minlash majburiyatini oladi.
6.7. Sotuvchining platformasidagi tovar va xizmatlar narxi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi – soʻmda, barcha soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobga olingan holda koʻrsatilgan. Mazkur shartnoma asosida taqdim etilayotgan xizmatlar uchun toʻlov Xaridor tomonidan turli toʻlov tizimlari (masalan, UZCARD, HUMO, Payme, Click va boshqalar) orqali amalga oshirilishi mumkin.
6.8. Xaridor, bank kartasini Mohirdev platformasi QYOIA orqali ulaganda, oʻzining bank kartasidan to‘lovni toʻgʻridan-toʻgʻri yechib olishga rozilik bildiradi.
6.9. Agar Xaridorning biriktirilgan plastik kartalaridan to‘lovni amalga oshirish uchun yetarlicha mablag‘ bo‘lmasa, unga kafil bo‘lishga rozilik bildirgan yoki Xaridor ro‘yxatdan o‘tish yoki kursni sotib olish jarayonida platformaga biriktirgan uchinchi shaxslarning plastik kartalaridan oldindan ogohlantirishsiz avtomatik ravishda pul yechib olinishiga rozilik bildiradi. Bunda, ushbu to‘lovlarni amalga oshirish yuzasidan Xaridor bilan kafil yoki uchinchi shaxslar o‘rtasidagi nizolar uchun Sotuvchi javobgar hisoblanmaydi.
7. XIZMATLARDAN VOZ KECHISH TARTIBI
7.1. Agar Xaridorda kurs boʻyicha taqdim etilgan xizmatlarga nisbatan eʼtirozi boʻlsa, u kurslardan foydalanish uchun platformaga kirish huquqi taqdim etilgan vaqtdan boshlab bu haqida 5 (besh) kalendar kun ichida Sotuvchiga xabar berishi kerak. Agar ushbu 5 kalendar kun ichida Xaridor darslarning 10 (oʻn) foizidan kamrog‘ini koʻrib chiqqan va shartnoma tuzilganiga 5 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, Xaridorning talabiga koʻra, toʻlov qaytariladi va kurs bekor qilinadi. Biroq, koʻrilgan va oʻzlashtirilgan darslar 11 (oʻn bir) foiz yoki undan koʻproq boʻlsa, kurs bekor qilinmaydi va toʻlov Xaridorga qaytarilmaydi. Xizmatlar toʻliq koʻrsatilgan deb hisoblanadi. Yuqoridagi 5 kunlik muddat oʻtganidan keyin eʼtirozlar qabul qilinmaydi va Xaridor kursning keyingi qismini o‘zlashtirmagan, qatnashmagan yoki boshqa sabablarga ko‘ra ta’lim jarayonini davom ettirmagan taqdirda ham, u ushbu Shartnomaga muvofiq belgilangan to‘lov majburiyatlarini to‘liq hajmda bajarishi shart.
7.1 Agar Xaridorda kurs boʻyicha taqdim etilgan xizmatlarga nisbatan eʼtiroz boʻlsa, u kurslardan foydalanish uchun platformaga kirish huquqi berilgan vaqtdan boshlab (Asia/Tashkent vaqt zonasida) 5 (besh) kalendar kun ichida Sotuvchiga xabar berishi kerak.
Agar ushbu 5 kalendar kun ichida Xaridor darslarning videokurs davomiyligi bo‘yicha hisoblangan 10 (oʻn) foizidan kamrog‘ini koʻrib chiqqan va shartnoma tuzilganiga 5 kundan kam vaqt oʻtgan boʻlsa, Xaridorning talabiga koʻra, toʻlov qaytariladi va kurs bekor qilinadi.
Biroq, koʻrilgan va oʻzlashtirilgan darslar videokurs davomiyligi bo‘yicha 11 (oʻn bir) foiz yoki undan koʻproq boʻlsa, kurs bekor qilinmaydi va toʻlov Xaridorga qaytarilmaydi. Xizmatlar toʻliq koʻrsatilgan deb hisoblanadi.
Yuqoridagi 5 kunlik muddat oʻtganidan keyin eʼtirozlar qabul qilinmaydi va Xaridor kursning keyingi qismini o‘zlashtirmagan, qatnashmagan yoki boshqa sabablarga ko‘ra ta’lim jarayonini davom ettirmagan taqdirda ham, u ushbu Shartnomaga muvofiq belgilangan to‘lov majburiyatlarini to‘liq hajmda bajarishi shart.
7.2. Pulni qaytarish jarayonini boshlash uchun Xaridor shartnomani bekor qilish sabablarini va kurs uchun toʻlangan summani tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda Support bo‘limiga yozma murojaat qilishi shart. Sotuvchi arizani olgandan keyin 14 ish kuni ichida uni koʻrib chiqadi va pul mablagʻlarini qaytarish boʻyicha qaror qabul qilib, bu haqida Xaridorga xabar beradi. Ijobiy qaror qabul qilingan kundan boshlab, pul mablagʻlari Xaridorning plastik kartasiga 30 kalendar kuni ichida qaytariladi.
8. FORS-MAJOR HOLATLARI
8.1. Agar shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik yengib boʻlmas kuch oqibatida (fors-major), shartnoma tuzilgandan soʻng yuzaga kelgan favqulodda hodisalar natijasida (urush, suv toshqini, yer qimirlashi, epidemiya, hukumat karorlari va h.o.) vujudga kelgan boʻlsa, Taraflar shartnoma boʻyicha majburiyatlari qisman yoki toʻliq bajarilmagani uchun javobgarlikdan ozod etiladilar.
8.2. Fors-major holatlari yuzaga kelgan vaqtda “Taraflar” ushbu holatlar bartaraf etilguniga qadar shartnoma boʻyicha oʻzaro majburiyatlarini bajarishdan ozod boʻladilar.
8.3. Yuzaga kelgan fors-major holatlari haqida hamda ushbu holatlar yakunlanganligi haqida har bir Taraf ushbu holatlar yuzaga kelgan yoki bartaraf etilgan vaqtdan boshlab, 3 (uch) ish kuni ichida bu haqda ikkinchi tarafni yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
8.4. Fors-major holatlari 30 kun mobaynida bartaraf etilmagan taqdirda taraflar ushbu shartnomani muddatidan oldin bekor qilishga haqli boʻladilar. Yuzaga kelgan fors-major holatlari bartaraf boʻlganidan keyin mazkur shartnoma shartlari toʻliq oʻz kuchiga ega boʻladi.
9. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI
9.1. Mohirdev platformasida nashr etilgan barcha matn, grafik va video materiallar mualliflik huquqlari bilan himoyalangan boʻlib, ularni noqonuniy ishlatish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid ravishda javobgarlikka sabab boʻladi.
9.2. Mohirdev platformasining funksionalligini taʼminlovchi dasturiy va apparat komplekslaridagi nosozliklar, xatolar yoki uzilishlar, shuningdek, Xaridorning Platformaga aloqasi boʻlmagan sabablar tufayli dasturiy yoki apparat vositalaridan vaqtincha foydalana olmasligi yoki shunga bogʻliq boʻlgan zararlari uchun Platforma yoki Sotuvchi javobgar emas.
9.3. Quyidagi holatlarda kelib chiqqan zararlar uchun Sotuvchi javobgar emas:
a) Xaridorning Mohirdev platformasiga kirishda ishlatadigan qurilmalarida yoki dasturiy taʼminotida mavjud boʻlgan viruslar yoki boshqa zararli dasturlar;
b) Mohirdev platformasidan foydalanishda notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish;
c) Xaridor tomonidan Shartnoma shartlarining buzilishi;
d) Xaridor tomonidan toʻlov tartib-qoidalarining buzilishi.
e) Xaridor platformadagi login va parollarni unutib qo‘yishi natijasida kurslardan foydana olmaganligi.
9.4. Sotuvchi quyidagi holatlarda Xaridorning shaxsiy kabinetiga kirishni cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi:
a) Xaridor tomonidan boshqa xaridorlar yoki uchinchi shaxslarning huquqlarini yoki qonuniy manfaatlarini buzilganligi haqida daʼvolar kelib tushganda;
b) Xaridor Mohirdev platformasining dasturiy taʼminotiga ruxsatsiz oʻzgartirishlar kiritilganligi aniqlanganda;
c) Xaridor tomonidan Shartnoma shartlari buzilganda.
9.5. Sotuvchi Xaridor tomonidan quyidagi holatlar yuz berganda ushbu shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi va toʻlovni qaytarmaydi:
a) Kurs materiallarini koʻchirish, tarqatish, qayta sotish yoki kurs kontentiga noqonuniy kirishga urinishlar;
b) Kursning majburiy vazifalarini muntazam ravishda (2-martadan ortiq) bajarmaslik;
c) Jamoatchilik oldida Sotuvchining brendi yoki obroʻsini toʻkish, shubha ostiga qoʻyish, yolgʻon maʼlumotlar tarqatish va h.k. orqali diskreditatsiya qilish;
d) Kurs toʻlovlarini 15 kalendar kundan ortiq kechiktirish.
e) Kurs muhokamasi bo‘ladigan guruhlarda (sayt, telegram, instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda) muloqot qilish jarayonida odob-axloq qoidalariga rioya qilmaslik (so‘kinish; uyatsiz rasmlar yuborish, guruh a’zolarini shaxsiyatiga tegish, ularni obro‘sizlantirish va hokazo).
f) Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganda, shu jumladan xakerlik kabi xatti-harakatlar bilan shug‘ullanishi aniqlanganda.
9.6. Sotuvchi alohida toifadagi ehtiyojmand shaxslar tomonidan yuqoridagi shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda vandalizm yoki Sotuvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazilmagan boʻlsa, shartnomani bekor qilmasligi mumkin.
9.7. Xaridor Mohirdev platformasidan olgan xizmatlar va ularning natijalarini, shu jumladan online kurslar va darsliklarni, shaxsiy akkauntdan foydalanish huquqlarini tijorat maqsadida ishlatsa, uchinchi shaxslarga tarqatsa, yoki sotsa 100 million so‘m jarima to‘laydi. Ushbu jarima miqdoridan Sotuvchiga yetkazilgan haqiqiy moddiy zarar qoplanib, ortib qolgan summa Xaridorga qaytariladi.
9.8. Xaridor Sotuvchi tomonidan taqdim etilgan oʻquv kurslari orqali olingan barcha bilimlar faqat qonuniy va etik maqsadlar uchun moʻljallanganini tan oladi. Xaridor olingan bilimlardan qonunga xilof, notoʻgʻri yoki etikasiz harakatlarni, shu jumladan xakerlik, maʼlumotlarga noqonuniy kirish, zararli dasturiy taʼminot yaratish va tarqatish, intellektual mulk huquqlarini buzish kabi amallarni sodir etganlik uchun javobgar bo‘ladi. Bunda, agar Xaridor Sotuvchidan olingan bilimlardan qonunga xilof tarzda foydalanib, notoʻgʻri yoki etika qoidalariga zid xatti-harakatlarni sodir etsa, Xaridor bunday harakatlar uchun toʻliq shaxsan javobgar boʻladi va Sotuvchiga ushbu harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplab berishi shart.
10. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI
10.1. Mazkur shartnoma boʻyicha vujudga kelishi mumkin boʻlgan barcha nizo va kelishmovchiliklar taraflar tomonidan oʻzaro muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
10.2. Agar nizolarni muzokaralar yoʻli bilan hal etish imkonsiz boʻlsa yoki taraflar biror shartnomaga erisha olmasalar taraflar nizoni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanlararo fuqarolik sudida hal qilinadi.
11. SHAXGA DOIR MAʼLUMOTLARDAN FOYDALANISH TARTIBI
11.1. Sotuvchi xaridor tomonidan taqdim etilgan shaxsiy maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va darajada himoyada bo‘lishi va sir saqlanishi uchun javobgardir.
11.2. Shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligi deganda shaxsga doir ma’lumotlardan noqonuniy ravishda va/yoki ruxsatsiz foydalanishdan, shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qilishdan, o‘zgartirishdan, blokirovka qilishdan, nusxalashdan, taqdim etishdan, tarqatishdan, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan boshqa noqonuniy harakatlardan himoyalangan muhitni ta’minlash nazarda tutiladi.
11.3. Sotuvchi onlayn ta’lim tizimi platformasi bitiruvchilarini ishga joylashtirish yoki stajirovkaga yuborish maqsadida ularga tegishli bo‘lgan quyidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga yuborish huquqiga ega.
- ismi, familiyasi, otasining ismi;
- jinsi;
- tug‘ilgan sanasi;
- yashash hududi;
- aloqa telefon raqami/pochta raqami;
- bilim va tajribasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- tavsiyanoma xarakteridagi boshqa ma’lumotlar.
11.4. Xaridor yuqoridagi ma’lumotlarni sotuvchiga foydalanish va tarqatish huquqini beradi. Xaridorga yuqoridagi ma’lumotlarini ishga joylashtirish yoki stajirovkaga yuborish maqsadida boshqa uchinchi shaxslarga yuborganlik uchun javobgarlik qo‘llanilmaydi.
11.5. Platformaga pochta manzili yoki Internet orqali kontaktdan foydalanish bilan tegishli yozma soʻrov yuborish orqali, shuningdek, Xaridorning shaxsiy kabinetidan soʻrov yuborish orqali, Xaridor Platformadan oʻzining shaxsiy maʼlumotlari, ularga ishlov berish va foydalanish toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot soʻrashga, shuningdek, notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan shaxsiy maʼlumotlarni chiqarib tashlash yoki tuzatish/qoʻshishni talab qilishga haqli.
11.6. Xaridor shartnoma tuzilgan kundan boshlab 3 (uch) yil davomida Sotuvchining uning shaxsiy ma’lumotlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq qayta ishlashiga rozilik beradi. Ushbu rozilik Xaridor tomonidan Platformaga pochta manzili boʻyicha yozma ariza yuborish yoki Mohirdev platformasida Xaridorning shaxsiy kabinetidan soʻrov yuborish orqali bekor qilinishi mumkin.
12. YAKUNIY QOIDALAR
12.1. Ushbu oferta shartnomasi eʼlon qilingan sanadan boshlab, ikkinchi taraf uchun aktsept qilgan paytdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar oʻz majburiyatlarini toʻliq bajargunlariga qadar amal qiladi.
12.2. Ushbu shartnomaga qilinadigan barcha ilovalar, qoʻshimchalar va oʻzgarishlar ushbu shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Mundarija
- 1. UMUMIY QOIDALAR
- 2. ASOSIY TUSHUNCHALAR
- 3. SHARTNOMA PREDMETI
- 4. MOHIRDEV PLATFORMASIDA ROʻYXATDAN OʻTISH TARTIBI
- 5. TARAFLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
- 5.1. Sotuvchining huquqlari
- 5.2. Sotuvchining majburiyatlari
- 5.3. Xaridorning majburiyatlari
- 5.4. Xaridorning huquqlari
- 6. TOʻLOV TARTIBI VA KURS NARXI
- 7. XIZMATLARDAN VOZ KECHISH TARTIBI
- 8. FORS-MAJOR HOLATLARI
- 9. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI
- 10. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI
- 11. SHAXGA DOIR MAʼLUMOTLARDAN FOYDALANISH TARTIBI
- 12. YAKUNIY QOIDALAR





